Kontent qismiga oʻtish

Ali Qushchi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ali Qushchi
Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy

Ali Qushchi portreti, rassom Leonid Kaydalov
Tavalludi 1403 yoki 1404-yil
Vafoti 1474-yil 16-dekabr
Istanbul
Fuqaroligi Temuriylar imperiyasi va Usmonli imperiyasi

Ali Qushchi (taxallusi; asl ismi-sharifi Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy) (1403, Samarqand – 1474, Istanbul) – falakiyotshunos va riyoziyotchi olim, Ulugʻbek ilmiy maktabining atoqli namoyandalaridan biri, uning yaqin shogirdi. Amir Temur qarorgohi boshligʻining oʻgʻli. Ulugʻbek saroyida qarchigʻaylar boqqani uchun uni „Qushchi“ deyishgan. Ali Qushchi boshlangʻich maʼlumotni Samarqandda oladi (Qozizoda Rumiyda tahsil koʻradi), oʻz maʼlumotini oshirish uchun 1414-yilda Eronning Kirmon shahriga boradi va u yerdagi madrasada 3 yil taʼlim oladi, ayniqsa tabiiy fanlarni, xususan falakiyot, riyoziyotni puxta oʻrganadi, 1417-yili Samarqandga qaytadi. Bu vaqtda Samarqandda Ulugʻbek madrasasi qurilayotgan edi. Ali Qushchi shu madrassada ham taʼlim olishni davom ettiradi, Qozizoda Rumiy va Gʻiyosiddin Koshiylardan ilm sirlarini oʻrganadi. Madrassani bitirgach, shu yerda falakiyot va riyoziyotdan mashgʻulotlar olib boradi, ilmiy ishlar bilan mashgʻul boʻladi. Ulugʻbek rasadxonasini qurish ishlarida ham faol qatnashadi. Shu davrda "Hisob risolasi" va "Astronomiya risolasi" asarlarini yozadi va ilm ahli orasida katta obroʻ qozonadi. 1428-yilda Ulugʻbek rasadxonasi ishga tushirilgach, bu yerda Ulugʻbek rahbarligida kuzatuvlar olib boradi, risolalar yozishda davom etadi. Ulugʻbekning "Ziji jadidi Koʻragoniy" asari yozilishida Ali Qushchining ham hissasi katta. 1438-yilda Ulugʻbek Ali Qushchini Xitoy saltanatiga elchi qilib yuboradi, u Xitoydan qaytib kelgach, "Matematika va astronomik jugʻrofiya" asarini yozadi. Ulugʻbek vafotidan (1449) soʻng uning Samarqanddagi mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani Ali Qushchi saqlab qolgan degan taxminlar bor; rivoyatlarga qaraganda kutubxonadagi kitoblarning koʻp qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Xazrat Bashir qishlogʻiga koʻchirgan. Koʻp oʻtmay, taʼqiblardan qochib, Ali Qushchi Samarqanddan chiqib ketishga majbur boʻladi. U avval Karmana va boshqa shaharlarda yashab, 1465-yil Turkiyaning Istanbul shahriga boradi. Turk sultoni Muhammad II (1451—81) taraqqiyparvar shaxs boʻlib, oʻz atrofiga olim va shoirlarni toʻplar edi. Ali Qushchining dongʻini eshitgan sulton uni saroyga xizmatga taklif qiladi va olimlarga rahbar qilib tayinlaydi. Ali Qushchi Turkiyada olimlar, faylasuflar, shoirlarni oʻz atrofiga toʻplab, ilmiy ishlarni taraqqiy ettirishga intiladi, oʻzi esa riyoziyot, falakiyot, falsafa, mantiq, adabiyot, musiqa va boshqa fan sohalaridan risolalar yozadi. Ali Qushchidan 20 dan ortiq ilmiy asar meros boʻlib qolgan. U koʻp olimlarning asarlariga sharhlar yozgan. Ayniqsa Ali Qushchining „Ulugʻbek zijiga sharh“ asari astronomiya tarixida katta ahamiyatga ega. U „Zij“ni geometrik teoremalar yordamida sharhlaydi. Ali Qushchi asarlarining koʻpchiligi Turkiyadagi Aya Sofiya madrasasi kutubxonasida saqlanib qolgan.

Ali Qushchining Istanbuldagi Ayub mozoridagi qabrtoshi, 15-asr

Ulugʻbek maktabi namoyandalari va xususan Ali Qushchining asarlari va dunyoqarashlari ilm-fan tarixida oʻziga xos oʻrin tutadi. Ali Qushchi dunyo moddiy narsalardan iborat, moddiy narsalar esa oddiy va murakkab holda boʻlib, ularda ichki ziddiyatlar mavjud, deb hisoblagan. U fasllar almashinuviga Yerning Quyoshga yaqinlashuvi sababligini aytgan.

Ali Qushchining qoʻlyozmasi sahifasi

Ali Qushchi 16-17-asrlarda Oʻrta va Yaqin Sharq mamlakatlarida riyoziyot fani rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. „Hisob risolasi“ asaridan Oʻrta Osiyo madrasalarida oʻquv qoʻllanmasi sifatida foydalanilgan. Bu asarda hindlar arifmetikasi (oʻnlik sanoq tizimi), falakiyotshunoslar arifmetikasi (oltmishlik sanoqtizimi) va geom. (handasa) haqida yangi fikrlar aytilgan. „Kitob ul-Muhamadiya“ asarida Ali Qushchi sonlardan ixtiyoriy natural darajali ildiz chiqarish usullarini va Nyuton binomi formulasini koʻrsatadi, uning bu usullari hozirgi vaqtda Ruffini – Gorner sxemasi deb nom olgan usulga oʻxshashdir. Bu asarida Ali Qushchi, kvadrat ildizini, umuman I darajali iddizni taqribiy hisoblash formulalarini beradi.

Ali Qushchining Oʻrta Osiyodan Turkiyaga sayohati

Shuni taʼkidlash lozimki, hozirgi ildiz ishorasi Turkiston olimlari asarlarida qoʻllanilmagan: ildiz soʻzlar bilan yozilgan. Ali Qushchi bu asarida birinchi boʻlib asoslagan „musbat“ va „manfiy“ atamalari, ularning tatbiqi matematika tarixida katta ahamiyatga ega. Gʻarbiy Yevropaga „musbat“ va „manfiy“ sonlar 15-asr oxirlarida pizalik Leonardo asarlari orqali tarqalgan. Kitobda uzunlik (masofa), kesmalar va yuzlarni oʻlchash va jismlarning hajmlarini hisoblash qoidalari bayon qilingan. Bu asarda trigonometriyadagi tekis uchburchaklar trigonometriyasi, sinus va kosinus teoremalari bayon etiladi, baʼzi shakllarning sirtlarini hisoblash uchun taqribiy formulalar beriladi, bu formulalar Ali Qushchi dan oldin oʻtgan olimlar asarlarida uchramaydi. Kitobda keltirilgan sinuslar jadvalidagi sinus funksiyasining qiymatlari hozirgi zamon qiymatlaridan deyarli farq qilmaydi.

Ali Qushchi uchburchakning yuzini topish usulini ham bergan. Hozirgi ilmiy tadqiqot ishlari koʻrsatishicha, Ali Qushchi asarlaridagi toʻgʻri chiziqli trigonometriyaga doir koʻp masalalar birinchi marta berilgan ekan. Uchburchaklarni yechish masalasida konuslar teoremasini Koshiy va Ali Qushchi birinchi marta ishlatganlar (Yevropada 1593-yil birinchi marta Viyet tatbiq etgan). Ali Qushchi „Astronomiyaga oid risola“ asarida Ulugʻbek rasadxonasida olib borilgan kuzatishlarning natijasi oʻlaroq, yulduzlar va sayyoralarning harakati, past (perigey), yuqori (apogey) masofalari haqidagi, fazoda har bir sayyoraning oʻrni, Quyosh uzoqligi haqidagi hisoblashlar va jadvallarni keltirgan, Oy va Quyosh tutilishi masalalarini ham juda aniq, toʻgʻri va ilmiy tarzda tushuntirib bergan. Yuqorida aytilgan „Astronomiya risolasi“da Ali Qushchi tuzgan dunyo haritasi berilgan. Xaritada asosan shimoliy yarim shar chegaralari koʻrsatilgan; xaritadagi koʻndalang chiziqlar iqlimlar chegarasini ifodalaydi. Ekvatorning sharqiy yarim sharidagi uzunligi „3332 farsang“— taxminan 20 ming km ga toʻgʻri keladi. Xarita bir qadar sxematik tarzda tuzilganligiga, uning haqiqatga mos kelmaydigan joylari borligiga qaramay, u Oʻrta Osiyo haritashunosligining bir namunasi sifatida ahamiyatga ega. Ali Qushchi matematika fanidan oʻqish kitoblari va qoʻllanmalar ham yozgan. Ali Qushchi Samarqand ilmiy maktabi anʼanalarini davom ettirib, bu ilmiy maktabning fan sohasidagi katta yutuqlarini Oʻrta, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga tarqatishda faol ishtirok etadi.

Ali Qushchi vafotidan soʻng uning shogirdlari – Mirim Chalabiy, Husayn Birjandiy, Bahovaddin Omuliy, Najmiddin Alixon va boshqa uning ilmiy ishlarini davom ettirdilar.

Ali Qushchi asarlari qoʻlyozmalari Toshkent Sharqshunoslik institutida, Dushanba, Sankt-Peterburg, Mashhad, Istanbul, Oksford, Leyden (Niderlandiya) va Aya Sofiya (Turkiya) kutubxonalari va boshqa joylarda saqlanmoqda.

  • Astronomiyaga oid risola, T., 1968;
  • Ahmedov B" Ulugʻbek, T., 1965;
  • Nosirov A., Ali Qushchi, T., 1964;
  • Ahadova M., Oʻrta osiyolik mashhur olimlar va ularning matematikaga doir ishlari, T., 1983;
  • Abdurahmonov A., Ulugʻbek akademiyasi, T., 1993.